Qish dehqonlarimiz uchun yana bir sinov davri sanaladi. Aynan shu faslda qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil yetishtirish uchun puxta zamin hozirlanadi. Shu bois 2021-yil bahorgi dala ishlarini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazishni koʻngillariga tukkan samarqandlik azmu-shijoatli bobodehqonlar, ayni kunlarda mavsumda qatnashuvchi traktorlar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini taʼmirlashmoqda.
Shu oʻrinda aytish joizki, qishloq xoʻjaligi, yoʻl-qurilish texnikalari vositalari va butlovchi mexanizmlarni roʻyxatga olish, davlat raqam belgilari berilishi hamda ulardan unumli foydalanishni nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Hozirda “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan bahorgi dala ishlarida qatnashadigan 17 mingdan ortiq traktor va qishloq xoʻjaligi texnika vositalarini taʼmirga tortish va taʼmirlash yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar natijasida 1 ming 612 dona chopiq traktori, 1 ming 612 dona kultivator, 962 dona chigit ekish selkasi, 277 dona gʻalla oʻrish kombayni, 412 dona purkagich, 399 dona mineral oʻgʻit sepgich, 194 dona yer tekislagich, 413 dona chizel va 11 ming 15 dona tishli borona tegishli dislokatsiyalar asosida belgilangan hududlarga yigʻilib, taʼmirlash ishlari qizgʻin olib borilmoqda.
Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi texnikalarini taʼmirlash ishlari viloyatning Narpay, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon, Pastdargʻom va Payariq tumanlarida yuqori suratda amalga oshirilmoqda.
— Viloyatda 2021-yil bahorgi dala ishlarida qatnashadigan texnikalarni taʼmirlash uchun 10 milliard 991 million soʻm mablagʻ talab etiladi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Shaxriddin Butunov. — Ushbu mablagʻning 1 milliard 358 million soʻmi kultivatorlarni taʼmirlash, 918 million soʻm mablagʻ chopiq traktorlarini taʼmirlashga sarflansa, gʻalla oʻrish kombaynlarini mavsumga hozirlash uchun 800 million soʻmdan ziyod mablagʻ lozim boʻladi. Shuningdek, chigit ekish selyalkalarini taʼmirlashga 220 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan boʻlsa, purkagichlar, mineral oʻgʻit sepkichlar, chizel va tishli boronalarni taʼmirlash uchun jami 490 million soʻmdan ortiq mablagʻ talab etiladi. Shundan kelib chiqqan holda, Inspeksiya organlari tomonidan bahorgi dala ishlarida qatnashuvchi traktorlar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini taʼmirlash ishlarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan doimiy monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bunda taʼmirlashning sifatli bajarilishi, mexanizator va boshqa xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qishloq xoʻjaligi texnikalarining ehtiyot qismlar bilan oʻz vaqtida taʼminlanishi singari vazifalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad, joriy yilda Samarqand viloyatida bahorgi dala ishlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish evaziga barcha turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan hosildorlikni gektar boshiga 10-15 sentnerga koʻtarishdan iborat.
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat
boshqarmasi axborot xizmati