баннер
23 Apr 2025
19:10

    Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tоrtib olinyaptimi?

    Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.

    Qayd etilishicha, Prezidentning 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi 6165-son farmoyishi qabul qilingan. Ushbu farmoyishga koʻra, Samarqand shahrining “Chokardiza“ qabristonida joylashgan “Imom Moturidiy“ yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish, majmua atrofidagi buyuk ulamolarning qabrlarni qayta tiklash, hududlarni obodonlashtirish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaxshilash orqali yirik ziyorat markazini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Taʼkidlanishicha, aynan “Imom Moturidiy“ yodgorlik majmuasining atrofini kengaytirish maqsadida 217 ta fuqarolarga tegishli boʻlgan turar-joy binolari buzilishi qayd etilgan. Ushbu binolar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obyekti sifatida milliy roʻyxatga kiritilmagan.

    Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 19-iyundagi 5150-sonli qarorining 4-bandida moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishish belgilangan. Bunda Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar va obyektlar boʻyicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasi orqali YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

    2025-yilning 6-mart kuni Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan 4-sonli yigʻilishida ushbu masala atroflicha koʻrib chiqilgan va yakuniy xulosa berilgan. Kengash xulosasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yilning 9-fevral kuni qabul qilingan 6165-sonli farmoyishi maʼlumot va ijro uchun qabul qilingan.

    Shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan “Imom Moturidiy majmuasi“ning atrofini kengaytirish va ishlari yuzasidan taklif maʼqullangan. Shuningdek, Ilmiy-ekspert kengashi bayonida Madaniy meros agentligi “Imom Moturidiy majmuasi“ atrofini kengaytirish va obodonlashtirish loyihasi bilan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablariga muvofiq YUNESKOning Umumjahon merosi markazini xabardor qilish choralarini koʻrish belgilangan. Shu bilan birga hujjatda ushbu hududlarda olib boriladigan har qanday qurilish, obodonlashtirish ishlarining loyihalari oʻrnatilgan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi qatʼiyan belgilab qoʻyilgan. Mazkur hududda amalga oshiriladigan kengaytirish va obodonlashtirish ishlarining nazorati Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga yuklatilgan.

    Munosabatda eslatib oʻtilishicha, uy-joylari buzilayotgan aholi vakillarining turar-joylari bozor qiymatida hisoblanadi va belgilangan tartibda kompensatsiya pullari toʻlab berilishi rejalashtirilgan.

    Maʼlumot uchun, Prezidentning 2025-yil 14-martda “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida“gi 102-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti“ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish, xorijlik tadqiqotchilar oʻrtasida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha ilmiy tanlov oʻtkazish, gʻoliblar ishtirokida Oʻzbekistonda madaniy-maʼrifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech