Samarqandda 25 ming gektardan ortiq yerga to‘qsonbosti ekinlar ekilmoqda

    Samarqand viloyatda 2020-yilda 25 ming 405 gektar yer maydoniga toʻqsonbosti ekinlardan sabzi, sarimsoqpiyoz, karam, osh lavlagi koʻkatlar yetishtirish rejalashtirilgan.

    Azaldan ota-bobolarimiz, mirishkor dehqonlar kuz faslida yerga urugʻ qadab, toʻqsonbosti ekinlar yetishtirishning hadisini olishgan. Shu yoʻl orqali aholining ertagi sabzavotga boʻlgan talabi qondirilgan. Chunki hosildan boʻshagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan, jumladan sabzi, piyoz, osh lavlagi, koʻkatlardan – kashnich, petrushka, selderey, salat kabilarni toʻqsonbosti muddatida ekib yetishtirish muhim ahamiyatga ega.

    «Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, Samarqand viloyatida ushbu muhim tadbirga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 2020-yilda viloyat boʻyicha 25 ming 405 gektar yer maydoniga toʻqsonbosti ekinlardan sabzi, sarimsoqpiyoz, karam, osh lavlagi koʻkatlar yetishtirish rejalashtirilgan. Shuning 5 ming 972 gektari fermer xoʻjaliklari yer maydoniga, 5 ming 951 gektari dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalariga ekiladi.

    Joriy yilning sentyabr va oktyabr oylarining oʻtgan davri davomida fermer xoʻjaliklari tomonidan 610 gektar piyoz, 486 gektar sarimsoqpiyoz, dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalariga 2 ming 902 gektar piyoz, 3 ming 49 gektar maydonga sarimsoqpiyoz ekilgan.

    — Toʻqsonbosti ekinlarni ekish davomida hududlarning iqlim sharoiti, tuproq unumdorligiga alohida ahamiyat berilmoqda, – deydi Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish boʻlimi katta inspektori Gʻiyosiddin Joʻraqulov. – Hozirga qadar fermer xoʻjaliklari tomonidan 836 gektar yer maydoniga toʻqsonbosti ekinlar ekilgan. Masalan, viloyatning Urgut, Payariq va Qoʻshrabot tumanlarida toʻqsonbosti ekinlar toʻliq ekildi. Tayloq va Samarqand tumanlarida ekish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlar nihoyasiga yetmoqda. Shuningdek, toʻqsonbosti ekinlar uchun yer maydonlarini tayyorlash yuzasidan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, sifatli urugʻ ekilishiga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Mazkur tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan kunlik monitoring-tahlil amalga oshirilmoqda.

    Yana bir gap. Toʻqsonbosti mahsulotlar erta bahorda, aholining aynan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabi ortgan vaqtda pishib yetilishi bozorlarimizda ushbu mahsulotlar narxi asossiz oshib ketishining oldini oladi. Bundan tashqari, toʻqsonbosti mahsulotlar fermer xoʻjaliklari va aholi uchun moʻmaygina daromad manbai hamdir. Shunday ekan, oldimizdan oqayotgan suvning qadrini vaqtida ilgʻay olsak, bozorlarimiz rastalari toʻkin-sochin boʻlishiga munosib hissa qoʻshish orqali oilamizga daromad keltirgan boʻlamiz.