Samarqandda 3 ta ayiq aholining qoʻy mollariga hujum qildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumani "Soygʻus" MFY hududiga 3 ta ayiq kelib, mahalliy aholini qoʻy mollariga hujum qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Bu haqda Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

    Aniqlanishicha, ushbu holat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Kunkoʻrmas dovonining Qashqadaryo viloyati hududida sodir boʻlgan. Suv sathidan 2500-2700 metr balandlikdagi ushbu yovvoyi tabiatga tegishli boʻlgan ayiqlarning yashash manzilida Urgut tumani "Soygʻus" MFYning choʻponlari ijara asosida mol qoʻylarini boqib kelishayotganda noyob tur hisoblangan Oʻrta Osiyo qoʻngʻir ayiqlari toʻrt bosh echkini yeb qoʻygan.

    Mahalliy aholining taʼkidlashicha, 2 kun avval kechasi ayiqlar “Soygʻus” MFYga 2-3 kilometr yaqinlikdagi togʻ bagʻrida oʻsuvchi mevali daraxtlarni yeyish uchun tushib kelgan.

    Hozirda tegishli mutaxassislar tomonidan holat nazoratga olinib oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda. Ayiqlarning hujumi oqibatida mahalliy aholiga va ayiqlarga zarar yetmagan.

    Mazkur holat Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi va uning Urgut tumani inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan tezkor tartibda nazoratga olindi.