Samarqandda 31 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlandi

    Samarqand shahrida MTT hududidan qoʻshimcha bino qurish maqsadida qurilish ishlarni olib borayotgan "Samarqand maxsus suv drenaj" MCHJ tomonidan hududdagi qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi.

    Bu haqda Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Samarqand shahar "Bogʻimaydon" MFYda joylashgan 16-sonli Maktabgacha taʼlim tashkiloti hududida qoʻshimcha 150 oʻrinli bino qurish va hududda qayta qurilish ishlarini olib borayotgan "Samarqand maxsus suv drenaj" MCHJ tomonidan taʼlim tashkiloti hududida mavjud jami 31 (oʻttiz bir) tup shundan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi "Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini saqlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi 93-sonli qaroriga asosan qimmatbaho navlari roʻyxatiga kiritilgan 30 (oʻttiz) tup diametri 6,6 sm dan 24,5 sm gacha boʻlgan Eldor qaragʻayi (Pinus yeldarica) va 1 (bir) tup diametri 27,0 sm boʻlgan kam qimmatli Terak daraxtlarini noqonuniy ravishda qurilishi rejalashtirilgan binoni qurish ishlarini boshlash uchun binoning yer osti qismini qazish vaqtida (kotlovan) kesib tashlaganligi va ildizlarini yoʻq qilganligi holati aniqlandi.

    Olib borilgan tezkor oʻrganishlar jarayonida "Samarqand maxsus suv drenaj" MCHJ tomonidan daraxtlarni noqonuniy tarzda kesib tashlashi oqibatida tabiatga 260 620 000 soʻm zarar yetkazganligi maʼlum boʻldi.

    Hozirda holatda oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorida jinoyat alomatlari borligi sababli aybdor shaxslarga nisbatan qonun talablariga muvofiq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etildi.