Samarqandda 6 yoshli bolani kaltaklagan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Samarqand viloyatining Toyloq tumanida 6 yoshli oʻgay oʻgʻlini kaltaklagan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani maʼlum qildi.

    Bir necha kun oldin 36 yoshli Sh.N. oʻzi bilan birga 2024-yildan sharʼiy nikohda boʻlgan T.D.ning 6 yashar oʻgʻlini yashash xonadoni hovlisida kamar bilan kaltaklagan.

    Samarqand viloyati Toyloq tumanida bolaga nisbatan zoʻravonlik qilgan shaxsga nisbatan 28-iyun kuni Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.

    Bolaga nisbatan bu kabi zoʻravonlikka yoʻl qoʻyganlar kim boʻlishidan qatʼi nazar, tegishli javobgarlikka tortilishi shart. Bola davlat va qonun himoyasida, — deyiladi xabarda.