Samarqandda 2022-yil hosili uchun 94 ming 130 gektar yer maydoniga gʻallani iqlim sharoitiga mos, serhosil navlari ekildi. Mahalliy gʻallakorlar kelgusi yil hosildorligini 60-70 sentnerga yetkazishga bel bogʻlagan.

Gʻalla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi “Oʻzagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan monitoring qilib borilyapti.

— Joriy yil 9-noyabr holatiga viloyatda 67 ming 441 gektar yer maydonida gʻalla unib chiqqan boʻlib, 44 ming 521 gektarda 1-2 tadan, 19 ming 737 gektar yerda 3-4 tadan barg mavjud, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Adiljon Arziqulov. — Shuningdek, 3 ming 138 gektar yer maydonidagi boshoqli don ekinlari toʻpladi. Ayni kunlarda gʻalla maydonlariga gektariga 3 tonnadan mahalliy, 100 kilogrammdan azotli mineral oʻgʻitlar jamgʻarish boʻyicha tadbirlar uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. Shu maqsadda mavjud 4 ming 619 ta fermer xoʻjaliklari va klaster korxonalari tomonidan 9 ming 423 tonna azotli mineral oʻgʻitlar jamgʻarish talab etiladi.

Hozirga qadar 5 ming 866 tonna azotli mineral oʻgʻitlar zahirasi yaratilib, 179 tonnasi fermer xoʻjaliklarida, 5 ming 687 tonnasi klaster korxonalari omborxonalarida belgilangan talablar asosida saqlanyapti.