Tarixdan yaxshi maʼlumki, sohibqiron Аmir Temur bobomiz nafaqat tarixiy-meʼmoriy obidalar, balki oʼziga xos betakror bogʼlarni barpo etishga ham alohida eʼtibor qaratgan.

Аmir Temur hukmronligi davrida tashkil etilgan “Bogʼinaqsh”,” Bogʼijahon”, “Bogʼibehisht”, “Bogʼishamol”, “Bogʼidavlatobod”, “Bogʼimaydon”, “Bogʼibaland”, “Bogʼichinor” singari betakror bogʼlari ham yuqoridagi fikrimizning yorqin dalilidir. Oʼz davrida Samarqand bogʼlari gimetrik shaklda tartib berilgan boʼlib, toʼrt burchak shaklda barpo etilgan.

Bugungi kunda ham yangi, zamonaviy bogʼdorchilik tizimini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 11 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʼini yanada rivojlantirish, sohada qoʼshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qaroriga asosan, yangi intensiv bogʼlar tashkil etildi.

Raqamlarga eʼtibor qaratilsa, 2016 yilga qadar Samarqand tumanida bogʼ maydonlarining 500 gektari intensiv bogʼlarni tashkil etgan boʼlsa, hozirgi kunda 4820 gektar zamonaviy intensiv bogʼ va 4415 gektar tokzor barpo etildi.

Intensiv bogʼlarning afzalligi shundaki, bunday usuldagi bogʼlardagi daraxtlarning tanasi kichik boʼlganligi uchun ularda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish qulay. Bunday bogʼlarda daraxt tanasiga yorugʼlik tushishi, havo aylanishi yaxshi boʼlganligi uchun mevasining sifati yuqori. Аgarda oddiy bogʼlar 7-8 yilda toʼliq hosilga kirib, har gektar maydondan 12-15 tonna hosil olinadigan boʼlsa, intensiv bogʼlardagi mevali daraxtlar 4-5 yilda hosilga kirib, gektariga 50-60 tonna hosil olishga erishiladi.

Yana bir gap. Instensiv bogʼlarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish evaziga suv hamda mineral oʼgʼitlardan foydalanish samaradorligi keskin oshadi. Bir gektar oddiy usuldagi bogʼlarni sugʼorish uchun mavsum davomida 4.2 m3 suv resurslari sarflanadigan boʼlsa, suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan maydonlarda 1.73 m3 suv sarflanadi.

Shu maqsadda, oʼtgan yillar davomida 3 617 gektar yer maydonidagi intensiv bogʼ va tokzorlarda suv tejamkor texnologiyalar joriy etildi. Birgina joriy yilda jami 1 ming 50 gektar, shundan 870 gektar yer maydonidagi bogʼ hamda 180 gektar tokzorlarda suv tejamkor texnologiyalar oʼrnatilishi rejalashtirildi.

“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand tuman boʼlimi tomonidan intensiv bogʼ va tokzorlarda zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni joriy etish asnosida suv taqchilligining oldini olish, klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklari tomonidan sifatli va eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilishi yuzasidan doimiy monitoring tadbirlari oʼtkazilmoqda.

Shu maqsadda 2022 yilning oʼtgan yanvarь oyi davomida hududlarda 7 marta koʼrgazmali seminarlar tashkil etildi. Unda suv tejamkor texnologiyalarning avzalliklari, kam suv sarflab yuqori hosil olish mezonlari batafsil tushuntirildi.

Q.Qurbonov,

“Oʼzagroinspektsiya”ning

Samarqand tuman boʼlimi boshligʼi