DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga karshi kurash boʻlimi hamda prokuratura xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Maʼlum boʻlishicha, Samarqand viloyatdagi banklarning birida boʻlim yuristi lavozimida ishlovchi, oqdaryolik 42 yoshli T.Sh. bank bilan mijozlar oʻrtasidagi muammoli vaziyatlarda ishni fuqarolar foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga ulardan katta miqdordagi pul mablagʻlarini olib kelganligi aniqlandi.
Xususan, T.Sh. mahalliy fuqaroning kredit masalalari boʻyicha davlat boji va sud ishini hal qilib berish evaziga 3000 AQSH dollarini pora sifatida talab qilib, oldindan 1050 AQSH dollarini olgan hamda tezkor tadbir chogʻida qolgan 1950 AQSH dollarini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.