Samarqandda start olgan baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha dunyo birinchiligining rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston sport vaziri Adham Ikramov, Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov va Xalqaro kanoe federatsiyasi prezidenti Tomas Koniyesko ishtirok etishdi.
Taʼkidlanishicha, mamlakatimiz bunday nufuzdagi musobaqani birinchi marotaba qabul qilayotgan boʻlsa ham, unga yuqori saviyada tayyorgarlik koʻrgan. Shuningdek, ushbu majmua Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari doirasidagi eshkak eshish bahslarini yuqori darajada oʻtkaza olishi alohida taʼkidlandi.
Musobaqa startidan avval ishtirokchi davlatlar va atletlar sonida oʻzgarish boʻlib, unda 52 davlatdan 284 sportchi sovrinli oʻrinlar uchun startga chiqishi belgilandi. Bugun bir qator dasturlarda saralash bahslari oʻtkazildi. Ertaga tushdan soʻng dastlabki medallar jamlanmasi oʻz egalariga topshiriladi.