Samarqandda bir nechta mansabdorlar qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 20 Dekabr 2023 1194

    Samarqandda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan bir necha mansabdor qoʻlga olindi.

    Jumladan, “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z.ning koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali metrologiya xizmati boshligʻi R.J. oʻz mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalari tomonidan oʻgʻirlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va isteʼmol qilingan tabiiy gaz hisob-kitoblarini muntazam oʻzgartirib kelgan.

    Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy oʻgʻirlik holatlari mavjudligini bilib tursa-da, masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi taʼsir koʻrsatgan. R.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Yuqoridagi holatga koʻmaklashgan “Narpaytumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan Z.A. ham Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasi norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalarining noqonuniy faoliyatiga amaliy yordam berib, amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida oldindan xabardor qilib kelgan. Hozirda Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, u ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.

    Yana bir holatda esa aksiyadorlik tijorat Xalq banki Samarqand filialida chakana savdo boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan Sh.Yu. oʻz mansab vakolatidan foydalangan holda oʻzining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 mln. soʻm kirim qilib, ushbu mablagʻning barchasini “1 XVET” qimor oʻyiniga tikib yuborgan.

    Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5-yil ozodlikdan mahrum qilish va 2-yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

    Bundan tashqari, bir holatda Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi” direktori S.G. hamda markaz bosh hisobchisi A.J.lar oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda markaz mablagʻlarini talon-toroj qilib kelgani aniqlangan.

    “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning 2016-2023-yillardagi faoliyati oʻrganilganda, markaz mansabdor shaxslari oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda, jamiyatning 1,3 mlrd soʻmlik mablagʻlarini oʻzlashtirib yuborgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. Bu ikkala shaxsga nisbatan ham jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.