Samarqandda birinchi ovozli svetofor oʻrnatildi

    Xavfsizlik 26 Yanvar 2022 3212

    Koʻzi ojiz piyodalar uchun qulaylik yaratish maqsadida Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy koʻchasida ilk bor “ovozli svetafor oʻrnatildi.

    – Respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi mamlakatimizdagi koʻzi ojiz va koʻrish qobiliyati zaif boʻlgan bolalar maktab-internatlariga yaqindan yordam berish maqsadida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan, – deydi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari J.Sagdullayev. – Shu asosida viloyatimizda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Samarqand shahridagi 59-son koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan tanishib, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashganda ular maktab-internat oldidagi transport vositalari serqatnov yoʻldan oʻtishda qiynalishayotganini bildirib, ushbu masalada yordam soʻragandi.

    Viloyati IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan oʻrnatilgan “ovozli svetofor” piyodalarga har bir chiroq yongani va harakatlanish mumkin yoki mumkin emasligi haqida ovozli xabar berib, ogohlantiradi.

    – Maktabimiz oldidagi katta yoʻldan oʻtish biz uchun koʻp noqulaylik tugʻdirardi, qoʻrqardik, – deydi maktab-internat oʻqituvchisi Zokir Maxamatov. – Chunki, shu paytgacha avtomashinalarning ovozini eshitgan holda, ularning yaqin yoki uzoqdaligini chamalab yoʻlni kesib oʻtardik. Bu svetofor biz va oʻquvchilarimiz uchun katta qulaylik boʻldi.