Samarqandda bosqinchilik sodir etgan uch nafar shaxs qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 23 Fevral 2021 957

    Samarqand shahrida fuqaroning uyidan bosqinchilik yoʻli bilan katta miqdordagi valyuta hamda qimmatbaho taqinchoqlar, shuningdek, qoʻl telefoni va boshqa buyumlar talon-taroj yoʻli bilan olib ketilgan.

    22-fevralda uch nafar shaxs Samarqand shahri Fitrat koʻchasida yashovchi fuqaroning uyiga kirib, uni urib hushidan ketkazib, uy xizmatchisini changyutgich simi bilan qoʻl va oyoqlarini bogʻlab, yotoqxonadagi temir seyfdan 42 500 dollar hamda jami bahosi 2 400 dollar boʻlgan oʻn turdagi ayollar tilla taqinchoqlari, shuningdek, bahosi 2 100 dollar boʻlgan qoʻl telefon apparati va uchta planshetni talon-taroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

    IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida, ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxslar voqea joyidan sariq rangli, Neksiya-3 rusumli, avtomashinaga minib qochib ketganligi aniqlangan.

    Zudlik bilan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbir natijasida, mazkur jinoyatni muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan sudlangan Samarqand tumani “Quyi Arabxona” qishlogʻida yashovchi 33 yoshli Davlat ismli (Neksiya-3 rusumli, avtomashina haydovchisi), muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) 2-qismi bilan sudlangan, Navoiy viloyati Navbahor tumani “Beshrabot” MFY Turob Qoʻldoshev koʻchasida roʻyxatda turgan 37 yoshli Jasur ismli va muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) 2-qismi bilan sudlangan, Samarqand shahar A.Ikromov koʻchasida roʻyxatda turgan 32 yoshli Askar ismli shaxslar sodir etganligi aniqlanib, ular qoʻlga olingan.

    Tadbir davomida Davlat ismli shaxs jinoyat sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida olib kelinib, undan jami 1 500 dollar miqdoridagi pullar, Jasur ismli shaxsdan jami 6 600 dollari miqdoridagi pullar hamda bir dona “MAXWEL” rusumli qoʻl telefon apparatlari, Askar ismli shaxsdan esa jami 600 dollar hamda 500 000 soʻm miqdoridagi pullar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan.

    Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Samarqand viloyatii IIB matbuot xizmati .