Samarqandda «Cultural night» madaniy tadbiri oʻtkazildi

    Madaniyat 19 Oktabr 2023 1445

    Joriy yil 18-oktyabrda «Silk Road Samarkand» sayyohlik majmuasidagi “Boqiy shahar”da «Cultural night» madaniy tadbiri oʻtkazildi. Tadbir Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi yubiley 25-sessiyasining eng yorqin voqealaridan biriga aylandi.

    Maʼlumot uchun, «Cultural night» Oʻzbekiston hukumati tashabbusi bilan UNWTO Bosh Assambleyasi doirasida ilk bor tashkil etilayotgan madaniy kechadir. Tadbir etnik anʼanalar va liboslar namoyishini oʻz ichiga oladi va tadbir tashkilotchilari hamda ishtirokchilar namuna sifatida milliy kiyimlardan foydalanadilar.

    Madaniy tadbirda 140 ta davlatdan delegatlar, turizm vazirlari va maʼmuriyatlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Madaniy kecha doirasida milliy folklor ansamblining chiqishlari, gala-konsert, mehmonlar, raqqosalar ishtirokida “Boqiy shahar” boʻylab sayohat, hunarmandchilik yarmarkasi va Oʻzbekiston viloyatlarining anʼanaviy sanʼat namoyishlari kabi tadbirlar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Anʼanaviy gala-konsert yakunida rang-barang dron-shou va bayramona salyutlar majmua osmonini yoritdi.