Samarqandda diniy ekstremistik materiallarni tarqatgan 19 yoshli yigit qamaldi

    Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi yigit diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sudlandi.

    Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

    Taʼkidlanishicha, u Telegramda guruh ochib, internetdan yuklab olingan diniy mazmundagi musiqalarni joylab borgan. Ushbu guruhga qariyb 1,5-yil davomida ekstremistik va aqidaparastlik gʻoyalari aks etgan nashidalar yuborilgan.

    “Bu qoʻshiqlarni turli kanallarda eshitib qolganman. Oʻzimga yoqqani uchun maʼnosini tushunmasdan guruhga joylaganman. Arab tilini umuman bilmayman, faqat qoʻshiq ohangi yoqqan”, — deb taʼkidlagan sudlanuvchi.

    Sudlanuvchi tomonidan yuritib kelingan guruh koʻzdan kechirilganda, unda 5 ta diniy mazmundagi nashidalar borligi va ularning barchasi yigitga tegishli telefondan yuborilgani aniqlangan.

    Yigit suddan yengillik soʻrab, qilmishidan pushaymonda ekanini taʼkidlagan. U Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandida (Ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilgan va 57-modda (Yengilroq jazo tayinlash) tatbiq etilgan holda 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.