Samarqandda don qabul qilish maskanlarining mavsumga shayligi oʻrganilmoqda

    Joriy yilda don qabul maskanlari tomonidan 264 ming 725 tonna, shundan 235 ming 325 tonna tovar don, 29 ming 400 tonna urugʻlik donni oʻz vaqtida va sifatli qabul qilish rejalashtirilgan.

    Joriy yilning 11-may kuni mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda gʻallachilikdagi islohotlarning muhim bosqichi muhokama etilib, gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklarini bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga oʻtkazish tizimi yaratilishi yuzasidan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalarni oʻz vaqtida, sifatli ijro etish yuzasidan “Oʻzdonmahsulot” aksionerlik kompaniyasi tizimidagi 6 ta don korxonasi hamda 15 ta don qabul qilish shaxobchasining mavsumga hozirligi monitoring tarzida oʻrganilmoqda.

    — Joriy yilda viloyatda mavjud 23 ta klaster korxonasi va 4 ming 526 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 94 ming gektardan ortiq yer maydonida gʻalla yetishtirildi. Endigi asosiy vazifa, yetishtirilgan gʻallani nes-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olib, qabul qilish maskanlariga yetkazishdan iborat. Shu maqsadda inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan “Oʻzdonmahsulot” aksionerlik jamiyatiga qarashli korxonalar va don qabul qilish masqanlarining mavsumga tayyorgarligi oʻrganilmoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi katta inspektori Rashid Sobirov.

    Joriy yilda don qabul maskanlari tomonidan 264 ming 725 tonna, shundan 235 ming 325 tonna tovar don, 29 ming 400 tonna urugʻlik donni oʻz vaqtida va sifatli qabul qilish rejalashtirilgan. Yigʻilishda taʼkidlangandek, joriy yildan boshlab klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklari tomonidan 51 ming 585 tonna bugʻdoy vaqtinchalik saqlash uchun qabul maskanlariga joylashtiriladi. Kelgusida klaster korxonalari hamda fermerlar tomonidan mazkur bugʻdoy birja savdolari orqali sotuvga chiqariladi.

    — Prezidentimizning gʻallachilikda islohotlarning muhim bosqichlari yuzasidan belgilab berilgan vazifalariga asosan, ishchi guruhi aʼzolari tomonidan don korxonalari hamda qabul qilish maskanlarida boshoqli don ekinlarini chuqur laboratoriya tahlilidan, onlayn tarozilarning davlat qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilganligi, boshoqli don ekinlarini navlar asosida joylashtirish, urugʻlik donni saqlash va qabul qilishda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga qatʼiy rioya etilishi singari vazifalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi “Jomboydon don mahsulotlari” AJ laboratoriya mudiri Baxtiyor Niyazov.

    Bir soʻz bilan aytganda, Samarqandda 2022-yil hosili uchun yetishtirilgan don mahsulotlarini oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Don qabul qilish maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.

    Abduvali Xudoyorov,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    bosh inspektori