Samarqandda dorivor oʻsimliklar mahsulotlarining 1-xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda

    Sanoat 17 Iyun 2022 1034

    Samarqand shahridagi “SOF EXPO SAMARKAND” koʻrgazmalar majmuasi bugun yana bir nufuzli tadbirga mezbonlik qilmoqda.

    Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Samarqand viloyat hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻrmon hoʻjaligi davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Avicenna Heritage” - “Abu Ali ibn Sino merosi” deb nomlangan Dorivor oʻsimliklar mahsulotlarining Birinchi xalqaro koʻrgazmasida dorivor oʻsimliklarni yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi hamda dorivor oʻsimliklar asosida biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqaruvchi 100 ga yaqin mahalliy tadbirkorlar shuningdek, Oʻzbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, Sharq tabobati instituti vakillari va xududlardan tashrif buyurgan tibbiyot xodimlari ishtirok etishmoqda.

    Taʼkidlash joiz, Respublikada soʻnggi yillarda dorivor oʻsimliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor oʻsimliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish va ularni qayta ishlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan muhtaram Prezidentimiz tomonidan sohaga oid imzolangan bir qator farmon va qarorlar yurtimizda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash shuningdek, ularning eksportini amalga oshirish borasida keng imkoniyatlar yaratdi.

    Hozirgi kunda mamlakatimizda mahalliy floraga mansub 4,3 mingdan ortiq oʻsimliklarning 750 ta turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 ta turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun roʻyxatga olingan, shundan 70 ta turi farmatsevtika sanoatida faol qoʻllanib kelinmoqda.

    Endilikda tumanlar qizilmiya, zaʼfaron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, naʼmatak, ravoch, mavrak, dalachoy, togʻrayhon, boʻymadaron, kiyik oʻti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha hududlar kesimida ixtisoslashtiriladi. Bunda, 2022-yildan 2026-yilgacha 36 000 gektar maydonda yangi dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil etiladi.

    Yurtimizda dorivor oʻsimliklar yetishtirish va qayta ishlashni yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash maqsadida Samarqand shahrida tashkil qilingan bugungi tadbir dorivor oʻsimliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor oʻsimliklarni keng qoʻllash, dorivor oʻsimliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash orqali chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratishni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyat maydoni boʻlib xizmat qiladi.

    Sanobar Jumanova