Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, voqea 31 may kuni soat 20:25 atrofida tumanning “Ukratch” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Narpay” kanalida sodir bo‘lgan.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yuk tashish uchun mo‘ljallangan elektromoped haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida transport vositasi unda bo‘lgan 8 nafar fuqaro bilan birga kanalga tushib ketgan.

Hodisa haqida xabar kelib tushgach, qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Shu vaqtga qadar to‘rt nafar fuqaro mahalliy aholi tomonidan qutqarib qolingan bo‘lgan.

Qutqaruvchilar va fuqarolar ishtirokida olib borilgan qidiruv ishlari davomida kanalda qolgan yana to‘rt nafar shaxsning jasadi topilib, suvdan olib chiqilgan.

Surishtiruvlarda aniqlanishicha, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining elektromopedida turmush o‘rtog‘i hamda o‘zi va qo‘shni xonadondan bo‘lgan olti nafar voyaga yetmagan bolani sayr qildirmoqda bo‘lgan.

Hozirda voqea yuzasidan Paxtachi tumani prokuraturasi, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.