Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti, Samarqand viloyat IIB hamda DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda tovlamachilik yoʻli bilan bir fuqarodan 50 ming dollarni undirmoqchi boʻlgan jinoiy guruh qoʻlga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Ichki ichlar organlariga murojaat qilgan ariza muallifi oʻzi bilan birga ishlovchi ayol bilan ishqiy munosabatda boʻlib yurgan. Bundan xabar topgan ayolning turmush oʻrtogʻi va uning ukalari telefon orqali tahdid qilishni boshlagan.

28-mart kuni ayolning qayinukasi va Toshkent shahridan Samarqandga kelgan ikki nafar shaxs jabrlanuvchini majburlab avtomashinaga oʻtkazib, oʻgʻirlab ketgan hamda Samarqand tumani hududidagi dala hovliga olib borib, qiynab, badanining turli xil joylariga tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchiga 50 ming dollar berishni aytib, majburan ikkita tilxat yozdirib olishgan.

Tahdidlar kundan-kunga koʻpayib, guruh aʼzolari jabrlanuvchi bilan har koʻrishganida 5 million soʻm va 300 dollar miqdoridagi pullarni oʻzlashtirgan. Agarda 50 ming dollarni bermasa, yalangʻoch holdagi videotasvirlarni mahallasiga tarqatib, sharmanda qilishini aytib qoʻrqitgan.

14-aprel kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruh yetakchisi jabrlanuvchidan 30 ming dollar miqdoridagi pullarni tovlamachilik yoʻli bilan olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam oʻgʻrilash) 1-qismi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a”, “v” bandlari va 227-modda (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yegallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 5 nafar shaxs qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.