Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Yillik yigʻilishi boʻlib oʻtadi

    Voqea-hodisalar 15 May 2023 2846

    16-18-may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik Yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi (Investing in Resilience) “Iqtisodiy chidamlilik va barqarorlikka investitsiyalar kiritish”, deb nomlandi.

    Tadbirda 73 davlatdan 2000 dan ortiq mehmonlar, jumladan, xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, shuningdek, yetakchi xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilyapti.

    Iqtisodiyot barqarorligiga investitsiyalar kiritish masalalari tadbirning asosiy mavzusi boʻladi. Yigʻilish davomida Bankka aʼzo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzulariga bagʻishlangan panel munozaralari oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

    Tadbir shuningdek, YETTBga oʻtgan yil davomida erishgan yutuqlarini tahlil qilish va rejalar tuzish imkoniyatini beradi.

    Yigʻilish asosiy tadbirlaridan biri “Oʻzbekistonning investitsiyaviy istiqbollari toʻgʻrisida”gi sessiya boʻladi. Unda mamlakat iqtisodiyotining kutilayotgan oʻsish surʼatlari va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

    Tadbirning uch kunlik kun tartibidan ekspertlar ishtirokidagi turli mavzularda, jumladan, mintaqalar va alohida mamlakatlarga bagʻishlangan bir qator panel munozaralari ham oʻrin olgan.

    Ular qatoridan:

    - xalqaro savdo munosabatlari;

    - energiya xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari;

    - kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyati;

    - rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish jarayonlari;

    - YETTB “Yashil shaharlar” dasturi;

    - YETTBning “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” mavzusidagi asosiy makroiqtisodiy tadqiqoti va boshqalar oʻrin olgan.

    Yigʻilish davomida xalqaro ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtadi. Unda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo aloqalar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa masalalar yuzasidan ekspert muhokamalari oʻtkaziladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston YETTBga 1992-yil 30-aprelda aʼzo boʻlgan. Respublika umumiy qiymati 44,1 million yevroga teng Bankning 4 200 dona aksiyasiga egalik qiladi. Bankning vakolatxonasi Toshkent shahrida 1993-yil may oyida ochilgan. Andijonda – 2019-yil oktyabrda, Urganchda – 2021-yil iyun oyida. Qarshi shahrida ham Bank ofisini ochish rejalashtirilgan.

    Bank Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshlaganidan buyon iqtisodiyotning turli tarmoqlarida 3,4 milliard yevrodan ortiq 100 ta loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni maʼqulladi (893 million yevrolik 7 ta loyiha ishlab chiqish jarayonida). Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida YETTB eng koʻp sarmoya kiritadigan davlat hisoblanadi.

    YETTB loyihalari kichik biznes, moliya sektori, transport infratuzilmasi va energetikani rivojlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, Bank tomonidan ajratilgan mablagʻlarning asosiy miqdori toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarga toʻgʻri keladi.

    Bunday darajadagi tadbirning oʻtkazilishi Oʻzbekistonning xalqaro investitsiya maydonidagi obroʻsini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillariga Oʻzbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarining salohiyati va mamlakatimizning boy madaniyati bilan batafsil tanishish imkonini berishi kutilyapti.