Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Shu yilning 23-iyul kuni soat 17:30 larda Samarqand shahar Siyob mahallasida yashovchi fuqaro navbatchilik qismining “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, Oqdaryo tumani “Navroʻz” mahallasi Zarafshon koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylar oldida notanish fuqarolar unga tegishli “Neksiya-3” rusumli avtomashinasining oynalarini sindirib, oʻzini urib, tan jarohati yetkazganligini maʼlum qilgan.
Chaqiruvga asosan Oqdaryo tumani ichki ishlar boʻlimi inspektori katta leytenant Oʻtkir Burqiyev voqea joyiga yetib borib, janjal qilgan fuqarolarni “Navroʻz” mahallasida joylashgan xizmat xonasiga olib boradi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida murojaat qilgan fuqaro bilan suhbatlashib turgan vaqtida huquqbuzarlar 35 va 19 yoshli yigitlar hamda 45-50 yoshlar atrofidagi ayol “nima uchun xizmat xonasiga birinchi bizni kiritmaysan, biz ham ”102“ raqamiga murojaat qilganmiz” — deya janjal koʻtaradi.
Inspektor ishiga xalal bermay turishini, navbat bilan gaplashishini aytgan vaqtida ular xodimni haqoratli soʻzlar bilan soʻkib, xonadan chiqib ketadi.
Inspektor ularga ketib qolmasligini, qolaversa holat boʻyicha tushuntirish xatlari olishi lozimligini aytgan vaqtida, ayol kishi kelib xodimning kiyimidan tortib qattiq haqoratlaydi. Gʻazabi qaynagan ikki erkak mushtiga zoʻr berib, shu vaqtda profilaktika inspektorini urib-tepadi va yiqitib tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazadi.
Shundan soʻng uchala fuqaro ham oʻzlariga tegishli boʻlgan avtomashinaga oʻtirib, voqea joyidan ketib qoladi.
Hozirda holat yuzasidan Oqdaryo tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda 3 nafar gumonlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olingan.