Samarqandda giyohvand modda ortilgan propan gaz balloni portlab ketdi

    Tojikistonning Dushanbe va Boxtar shaharlarida yashovchi 1978-yilda tugʻilgan D.O. hamda S.S.lar propan gaz balloni ichiga yashirincha joylashtirilgan “opiy” giyohvandlik moddasini Tojikistondan Oʻzbekistonga olib oʻtishadi va sotish maqsadida Urgut tumanida yashovchi tanishi, 1979-yilda tugʻilgan M.F.ning yashash xonadoniga kelishgan.

    Ular propan gaz balloni ichidan giyohvandlik moddalarini olayotganida gaz chaqnashi oqibatida kuyib, tuman shifoxonasiga borishadi. Tez orada gaz ballonida yana nimalar borligi maʼlum boʻladi...

    Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida propan gaz balloni ichida sellofan paketga oʻralgan 244,19 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirildi.

    Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan oʻtkazilgan yana bir tadbirda esa Ishtixon tumanida yashovchi, 1982-yilda tugʻilgan Q.A. boshqaruvida boʻlgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinada 1 kg. 8,16 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.