Samarqandda hokim yordamchisi, t`yutor va yana bir shaxs pora bilan ushlandi

    Xavfsizlik 7 Yanvar 2024 737

    T`yutor pensiya jamg'armasi viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirgan, hokim yordamchisi hokimlik zaxirasidagi 3,5 sotix bo'sh er maydonini sotmoqchi bo'lgan, yana bir shaxs oltin konlaridan biriga ishga kiritishga yordam berishini aytib pora olgan.

    DXX Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirlarda yurtdoshlarimizning ishonchiga kirib, korruptsion holatlarning yanada ildiz otishiga zamin yaratgan bir necha shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Xususan, olib borilgan tadbir davomida Samarqand davlat universiteti matematika fakul`teti t`yutori vazifasida ishlovchi, 1975 yilda tug'ilgan T.A. Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, mahalliy fuqarolarning mehnat faoliyatlariga 20 yillik ish staji qo'shib, nafaqaga chiqarib berish evaziga firibgarlik yo'li bilan 3 000 AQSH dollarini olayotgan vaqtda qo'lga olindi.

    Xuddi shunday o'tkazilgan tezkor tadbirlarning birida Jizzax viloyati G'allaorol tumanida yashovchi, 1994 yilda tug'ilgan O'.M. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlovchi yaqin tanishlarining imkoniyati orqali mahalliy fuqaroni kombinatga qarashli “Marjonbuloq” va “Zarafshon” oltin konlaridan biriga ishga kiritishga yordam berishini aytib, undan 2 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib, olayotgan vaqtida ushlangan.

    DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti viloyat boshqarmasi bilan xamkorlikda o'tkazilgan tadbirda 1990 yilda tug'ilgan, Samarqand shahrida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi X.e. va 1975 yilda tug'ilgan Past Darg'om tumanida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalarning birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi B.V.lar jinoiy til biriktirgan holda tumandagi mahalla hududidan oqib o'tuvchi Siyob kanali bo'yida joylashgan, hokimlik zaxirasidagi 3,5 sotix bo'sh er maydonini "sotayotgan" paytda ushlagan. Ular bu er maydonini O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi PF-29-sonli Farmoniga asosan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash bahonasida auktsionga chiqarib, yutib berish va tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy fuqarodan 1 300 AQSH dollarini talab qilib, oldindan 1 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni bo'nak sifatida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.

    Hozirda yuqorida keltirilgan barcha shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.