Tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdorlikni yoʻq qilib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda “Hududgaztaʼminot” Pastdargʻom filiali operatori J.P. fuqaro M.A.ning xonadonida tabiiy gaz taʼminotidan 3 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib hamda yangi gaz hisoblagich oʻrnatib berishi evaziga 4 mln soʻmni firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Bulungʻur tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bulungʻur tuman ETK elektro-montyori Sh.E. va boshqalar tadbirkor M.Sh.ning tikuvchilik sexida elektr taʼminotidan 14 mln soʻm qarzdorligini kamaytirib berishi evaziga 3,8 mln soʻmni olib, qarzdorlik boʻyicha tuzilgan dalolatnomani nobud qilgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.