Aholini suyultirilgan gaz mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va sohadagi muammolarga barham berish maqsadida, “Nududgaztaʻminot” AJ tomonidan suyultirilgan gaz taʼminotini onlayn nazorat qilish tartibi ishlab chiqildi. Sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish yoʻlga qoʻyilib, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar hisobining avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda.
Ilgari xabar qilgaimizdek, mazkur tizim III bosqichdan iborat boʻlib,
I bosqich - maishiy gaz ballonlariga maxsus shtrix kodli stikerlar oʻrnatish, II bosqich - isteʼmolchilarni ID- kartalar bilan taʼminlash,
III bosqich - mazkur jarayonlarni “Ye-gaz” onlayn tizimiga ulashdan iborat.
Buning uchun dasturchilar hamkorligida “E-Gaz” dasturi yaratilib, unda viloyatdagi 487 ming ta isteʼmolchi va 547 mingga yaqin maishiy gaz ballonlari roʻyxati shakllantirildi. Bugungacha Samarqandda 300 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlarga stikerlar yopishtirildi.
Ayni kunlarda Samarqandga 160 ming dona ID-karta keltirilgan boʻlib, Samarqand shahar, Samarqand tumani, Toyloq, Qoʻshrabot tumanlari va Payariq tumani Chelak hududida yashovchi suyultirilgan gaz isteʼmolchilariga tarqatilmoqda.
- Isteʼmolchiga berilgan ID - kartada, u haqidagi barcha maʼlumotlar joylangan boʻlib, ohirgi marta qachon gaz ballon bilan taʼminlanganligi onlayn tizimda koʻrinib turadi. Bundan tashqari, ID karta orqali faqatgina belgilangan mablagʻni, belgilangan muddatda bir marotaba yechib olish jarayoni yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni, maishiy gaz ballon bilan taʼminlash oraligʻi 45 kun boʻlsa, 45 kun ichida isteʼmolchidan faqat bir marta pul yechib olinadi. Shuningdek, ushbu tizim taʼminotchi korxona uchun ham bir qator qulayliklarga ega boʻlib, turli qogʻozbozlik ishlariga barham beriladi. - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali suyultirilgan gaz taʼminoti boʻyicha direktor oʻrinbosari Maʼruf Pardayev.