Samarqandda Italiya universiteti bilan qoʻshma kampus ochildi

    Bugun, 2025-yil 30-sentyabr kuni Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Italiyaning Tushia universiteti oʻrtasida tashkil etilgan qoʻshma kampusning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur qoʻshma kampus gʻoyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining 2025-yil 28–29-may kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan uchrashuvlari davomida ilgari surilib, ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-taʼlimiy hamkorlikning yangi yoʻnalishi sifatida belgilangan edi.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Italiyaning Tushia universiteti oʻrtasida rasmiy kelishuv imzolandi va bugun ushbu tashabbus amaliyotda oʻz samarasini bera boshladi.

    Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov, Italiyaning Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini boshchiligidagi delegatsiya, Italiya universiteti vakillari, xalqaro hamkorlik tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tadbirda tomonlar oʻrtasida ikki bakalavriat va ikki magistratura yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha shartnomalar imzolandi. Jumladan, bakalavriat bosqichida – agronomiya, oziq-ovqat fanlari va texnologiyasi yoʻnalishlari, magistratura bosqichida – organik dehqonchilik, doiraviy iqtisodiyot yoʻnalishlari ochish rejalashtirildi.

    — Qoʻshma dasturlar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalariga tayangan holda tashkil etiladi, — dedi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov. — Talabalar taʼlim jarayonida ikki davlatdagi oliy taʼlim muassasalarida navbatma-navbat tahsil olishlari, oʻquv dasturini muvaffaqiyatli tugatgach esa, Oʻzbekiston va Italiya oliy taʼlim muassasalari tomonidan tan olinadigan ikki tomonlama diplomga ega boʻlishlari koʻzda tutilgan. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro mehnat bozorida ham keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

    Mazkur qoʻshma kampusning tashkil etilishi Oʻzbekiston taʼlim tizimida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, organik dehqonchilik va doiraviy iqtisodiyot kabi dolzarb yoʻnalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi bilan bir qatorda, ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

    Bundan tashqari, qoʻshma taʼlim dasturi doirasida:

    • talabalar uchun xalqaro stipendiya va grantlar joriy etiladi;
    • akademik almashinuv dasturlari yoʻlga qoʻyiladi;
    • ikki davlat olimlari va tadqiqotchilari uchun qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshiriladi;
    • yoshlar uchun xalqaro amaliyot va stajirovkalar tashkil qilinadi.

    Shuningdek, tomonlar muntazam muzokaralar olib borib, taʼlim dasturining samaradorligini oshirish, yangi yoʻnalishlar ochish va oʻquv jarayonini zamonaviy raqamli platformalar asosida tashkil etishga doir tashabbuslarni ishlab chiqmoqda.

    Qoʻshma kampusning ochilishi Oʻzbekiston taʼlim va qishloq xoʻjaligi tizimi rivojida yangi bosqichni boshlab berib, mamlakatimiz yoshlariga dunyo darajasida bilim olish va xalqaro tajribaga ega boʻlish imkoniyatini taqdim etmoqda.

    Hamkorlik materiali