Bu haqda Italiyada Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev va Tushia universiteti rektori Stefano Ubertini oʻrtasidagi uchrashuvda maʼlum qilindi.
Muloqot chogʻida professor Stefano Ubertini Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan Samarqand agroinnovatsiya va ilmiy tadqiqot institutida qoʻshma universitet kampusini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv imzolaganini hamda kelishuv shartlarini bajarish boʻyicha tegishli ishlar boshlab yuborilganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, universitet filialining rasmiy ochilish marosimi joriy yilning 30-sentyabr kuni oʻtkaziladi. Universitetda oʻquv yili 2026-yil yanvardan boshlanadi.
«Italiya universitetlari qatorida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha tarixda ilk bor Tushianing birinchi xorijdagi filiali Oʻzbekistonda ochiladi. Biz bundan juda xursandmiz « – dedi rektor Stefano Ubertini.
Filialda oʻzbekistonlik talabalarga Italiyaning agrar sohadagi ilgʻor tajribasi va zamonaviy texnologiyalari asosida bilim beriladi.
Tushia universiteti 1979-yilda Viterbo shahrida tashkil etilgan. Universitet Italiyaning qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu taʼlim dargohida 8 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.