Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Shu maqsadda “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida jami 2514 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, sohaga oid 1003 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Aniqlangan holatlar boʻyicha Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan masʼul shaxslarga nisbatan vakolat doirasida 678 ta holatda 194,4 million soʻmlik maʼmuriy va 85 ta holatda 65,3 million soʻm moliyaviy jarima sanksiyalari qoʻllanilgan boʻlsa, 62 ta holatda toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Shuningdek, qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan 39 ta taqdimnoma kiritilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishlari yuzasidan 224 ta yozma koʻrsatma berilgan boʻlsa, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 1514 ta suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Bugungi kunda “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishlari hamda suvdan foydalanishda qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Avaz Ochilov,

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat

boshqarmasi bosh inspektori