Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyati boshqarmasi Past Darg‘om tumani filiali kadastr muhandisi o‘zining vakolatli tanishlari orqali mahalliy fuqaroga tegishli 2 sotix yer maydonining kadastr pasportini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berish evaziga 2,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan muhandisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sherobod tumani davlat soliq inspeksiyasining sobiq bosh inspektori viloyat iqtisodiy sudida ko‘rilayotgan ish doirasida bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga egalik huquqini tiklab berish evaziga 10 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Avvalroq Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida sudya 300 dollar pora olayotganida qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. U ishni da’vogarning foydasiga ijobiy hal etib berish evaziga pul talab qilgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori yer maydoni ajratib berish evaziga tadbirkordan 101 ming dollar talab qilgani aniqlangandi.