Samarqandda kaltaklangan 11-sinf oʻquvchisi voqea joyida vafot etdi

    Samarqand viloyati Paxtachi tumanida maktab oʻquvchilari Instagramʼdagi izohlarda gap talashishi oqibatida 0yuz bergan janjal ulardan birining oʻlimi bilan tugadi.

    Bu haqda Milliy telekanalida xabar berildi.

    Janjal 14-may kuni tumandagi 1-maktabning uch nafar oʻquvchisi va 12-maktabning ikki nafar oʻquvchisi oʻrtasida sodir boʻlgan. Oqibatda 12-maktab oʻquvchilaridan biri — 18 yoshli yigit voqea joyida halok boʻlgan. Janjalga ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuv sabab boʻlgan. Ular Instagramʼdagi izohlarda gap talashib, bir-birini haqoratlagan.

    Tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimi Hayot Mahkamovning soʻzlariga koʻra, uni boshqa bir oʻquvchi tirsagi bilan urgan. Soʻngra orqa miya bilan yiqilib, tili orqaga ketib qolgan.

    “Voqea joyiga borganimizda biologik oʻlim qayd etilgan edi. Bemorda koʻz qorachiqlarining maksimal kengayishi, yirik arterial va venalarda pulsning va yirik jarohatlarning yoʻqligi, boʻyin atrofida shikastlanish belgilari, ogʻiz hamda burun atrofida qon izlari aniqlangan”, — deydi shifokor.
    “Darslarda oʻqimaydi, degan gap eshitmaganman, baholari besh edi. Yolgʻiz farzandim edi…Orzulari juda katta edi. Bolalar bilan urishadigan bola emasdi. Bir umr kechirmayman…”, — deydi marhumning onasi.

    Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Voyaga yetmagan oʻquvchilar gumonlanuvchi sifatida ushlanib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.