Ayniqsa, kundalik iste'molda muhim o'rin tutadigan kartoshka mahsulotiga talab yil sayin ortib bormoqda. Shu bois kartoshka urug'chiligi tizimini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti qoshida faoliyat yuritayotgan O'zbekiston-Koreya kartoshka urug'chiligi markazi kartoshka urug'chiligini rivojlantirishda muhim ilmiy-amaliy maydon vazifasini bajarmoqda.

Markazda viruslardan xoli, yuqori reproduktsiyali urug'lik materiallarini tayyorlash, mini-tuganaklar yetishtirish hamda zamonaviy gidroponika texnologiyalari asosida ko'paytirish ishlari yo'lga qo'yilgan. Ilmiy tadqiqotlar va amaliy tajribalar natijasida hosildorlikni oshirish, kasalliklarga chidamli navlarni keng joriy etish hamda sifatli urug'lik bazasini mustahkamlash bo'yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Joriy yil bahor mavsumida kartoshka ekish ishlari belgilangan agrotexnik talablar asosida boshlandi. Mutaxassislar tomonidan gidroponikali zamonaviy issiqqxonada yuqori sifatli urug'lik materiallari parvarishlanmoqda. Sug'orish va oziqlantirish jarayonlarida suvni tejovchi hamda samaradorlikni oshiruvchi zamonaviy usullar qo'llanilmoqda.

Kartoshkachilik yo'nalishida malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida institut Koreya Xalqaro bog'dorchilik instituti hamda Qishloq xo'jaligi sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda “Urug'lik kartoshka etishtirish” maxsus amaliyot dasturini yo'lga qo'ymoqda.

Dastur doirasida in vitro (meristema) ko'paytirish, aeroponika va gidroponika tizimlari, mini-tuganak yetishtirish, raqamli monitoring hamda “smart” boshqaruv texnologiyalari qo'llanadi.

Dastur ishtirokchilari nazariy bilim bilan birga laboratoriya va issiqxonalarda amaliy ko'nikma oladi. Bu esa virusdan xoli, yuqori reproduktsiyali urug'lik kartoshka yetishtirish, importga qaramlikni kamaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur tashabbus agrar yo'nalishda tahsil olayotgan talabalar, yosh mutaxassislar va ilmiy izlanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Loyiha xalqaro tajriba asosida zamonaviy, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo'lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Kartoshka urug'chiligi tizimini ilmiy asosda rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yosh mutaxassislarni tayyorlash orqali hududda qishloq xo'jaligi samaradorligini sezilarli darajada oshirish mumkin.

Samarqandda olib borilayotgan ushbu tizimli ishlar kelgusida respublika miqyosida sifatli urug'lik bazasini mustahkamlash, import hajmini kamaytirish va aholining kartoshkaga bo'lgan talabini to'liq qondirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Anvar SHAMSIYEV,

Samarqand agroinnovatsiyalar va

tadqiqotlar instituti dotsenti

Hamkorlik materiali