Samarqandda kimyo va biologiyaga ixtisoslashgan 8 ta tayanch maktab tashkil etiladi

    Ijtimoiy hayot 17 Mart 2021 4243

    Yangi maktablarga oʻquvchilar 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilinadi.

    2021-yil 16-martda Samarqand viloyati hokimining “Umumtaʼlim maktablari negizida kimyo va biologiya fanlari chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Unga koʻra, Bulungʻur tumanidagi 22, Ishtixondagi 51, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 56, Qoʻshrabotdagi 34, Oqdaryodagi 45, Samarqand tumanidagi 33, Toyloqdagi 30 va Samarqand shahridagi 14-umumiy oʻrta taʼlim maktablari negizida 2021-yil 1-sentyabrdan kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etish belgilandi.

    Oʻquvchilarni oʻqitish va bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini joriy qilish, shu jumladan, raqamli oʻquv vositalari va masofaviy taʼlim shaklini keng qoʻllash, shuningdek, taʼlim jarayonini umumiy kasb mahoratini shakllantirishga yoʻnalishtirish, oʻquv dasturlarning raqamli iqtisodiyot talablariga moslashishini taʼminlash va bu borada taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat idoralari va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni rivojlantirish tayanch maktablarning asosiy vazifalari hisoblanadi.

    Yangi maktablarga oʻquvchilar 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilinadi. Shuningdek, mazkur muassasalarga yuqori malakali pedagog kadrlar ishga olinadi.