Samarqandda klaster korxonalari tomonidan 26 ta paxta terish mashinalari xarid qilingan

    Agrosektor 24 Sentabr 2020 2658

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentyabrdagi “2020-yil paxta hosilini yigʻib - terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 545-sonli qarori ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Unda, paxta qabul qilish maskanlarining mavsumga shayligi, qishloq xoʻjaligi texnikalari va tirkamalarning texnik holati, laboratoriya va tarozi uskunalarining texnik sozligi singari koʻplab masalalarga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

    -Joriy yilda Samarqandlik dehqonlar mavjud 75 ming 580 gektar maydonda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda yigʻib-terib olish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlarini qizgʻin olib borishdi.

    2020-yilda 9 ta klaster korxonalari hamda 2 ming 120 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 215 ming 500 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Yigʻim-terimni uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida viloyatda 27 ta paxta qabul qilish maskanlarida mavsumoldi tayyorgarlik tadbirlari amalga oshirildi.

    Belgilangan rejaga koʻra, paxta qabul qilish maskanlaridagi 117 ta oʻt oʻchirish moslamalari,117 ta kichik mexanizatsiya vositalari, 23 ta yopiq omborlar, 422 ta gʻaram maydonlari, 347 ta elektr shkaflar hamda 469 ta hududlarni yoritish moslamalari bilan taʼmirlandi,-deydi Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi paxta xom ashyosi, don, urugʻlar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Bahodir Rahmonov.

    Joriy yilda paxta hosilining salmoqli qismini texnika vositalari orqali yigʻishtirib olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda klaster korxonalari tomonidan xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan 26 ta zamonaviy paxta terish mashinalari xarid qilingan boʻlib, mavsum davomida jami 38 ta paxta terish mashinalari ishtirok etishi koʻzlangan.

    Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati