Samarqandda kuzatuv kameralari yordamida 80 dan ortiq huquqbuzarlik aniqlandi

    15–24-yanvar kunlari Samarqandda Ekologiya vazirligi Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan oʻrnatilgan onlayn kuzatuv kameralari yordamida 80 dan ortiq huquqbuzarlik aniqlandi.

    56 ta holatda belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ularning har biriga 1 mln 20 ming soʻm miqdorida jarimalar belgilandi.

    “Bu kameralarning yuqori qismi 180 daraja, past qismi esa 360 darajani tasvirga oladi, — dedi Ekologiya vazirligi bosh mutaxassisi Hikmatulla Abdullayev. — Shuningdek, 1 km masofagacha shaxsni aniqlash imkoniyati bor. 3 kmgacha harakat tizimini koʻrsatib bera oladi. Mazkur kameralar doimiy nazorat qilib boriladi”.

    Maʼlumot uchun, ayni damda Samarqand viloyatida onlayn kameralar oʻrnatishdavom etmoqda. Dastlab aholi gavjum, chiqindi koʻp tashlanadigan 25 ta hududda maxsus kuzatuv kameralari qoʻyiladi. Shuningdek, 2024-yilda butun viloyat boʻylab kuzatuv kameralaridan jami 100 ta oʻrnatish rejalashtirilgan.