Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining maʼlum qilishicha, voqea 3-yanvar kuni yarim kechada sodir boʻlgan. Qayd etilishicha, 2021-yilning 3-yanvar kuni, taxminan, soat 00:20 da Samarqand shahridagi 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabi qozonxonasining isitish tizimida portlash sodir boʻlgan. Oqibatda, shu maktabda qozonxona nazoratchisi vazifasida ishlovchi 50 yoshli H. tan jarohatlari olgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyat boʻlimiga yotqizilgan. Ammo koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay bemor shifoxonada vafot etgan.

Maʼlum boʻlishicha, hodisa yuzasidan Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, 2-yanvar kuni soat 23 larda 4-maktab joylashgan mahallada chiroq oʻchadi. Shundan soʻng, birdaniga gaz bosimi koʻtariladi va nazoratchi qozonxonaga kirgan paytda u portlab ketadi.