Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga murojaatini V.Mahmudov oʻqib eshittirdi.

    Samarqand shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov raisligida oʻtgan yigʻilishda Qozogʻiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Gizat Nurdauletov, Qirgʻiz Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulov, Tojikiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Yusuf Rahmon, Turkmanistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi Meylis Annaberdiyev ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga murojaatini V.Mahmudov oʻqib eshittirdi.

    Davlatimiz rahbari oʻz murojaatida Markaziy Osiyo bugun oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyayotgani, doʻstona qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik mintaqasiga aylanayotganini alohida taʼkidlagan.

    Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston tashabbusi bilan xavfsizlik va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, transport aloqalarini kengaytirish, oldimizda turgan dolzarb masalalarning barqaror yechimlarini birgalikda izlashga qaratilgan mintaqaviy sheriklik kun tartibi ilgari suriladi.

    Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvlari umumiy chaqiriq va tahdidlarni ochiq muhokama qilish, muammolarga oʻzaro ishonchga asoslangan muhitda birgalikda yechimlar ishlab chiqish va “soatlarni toʻgʻrilab olish” uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilayotganini yuqori baholagan.

    Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm va radikallashuv, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish, mintaqada ekologik xavfsizlikni taʼminlash, transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish, shuningdek transport xavfsizligini taʼminlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar kabi keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi.

    Delegatsiyalar rahbarlari mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash, idoralararo aloqalarni kengaytirish, jumladan shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash va hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek oʻzaro tajriba va amaliyot almashinuvi sohasidagi konstruktiv sheriklikning hozirgi darajasini yuqori baholadilar.

    Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha yondashuv va pozitsiyalar mushtarakligini qayd etib, birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish, eng dolzarb masalalarga yechimlar ishlab chiqish jarayonida Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvlari mexanizmi muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

    Yigʻilish kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha hamkorlik jadallashishi surʼatini saqlab qolish, mavjud salohiyat va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish zarurligi maʼqullandi. Ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirish boʻyicha yangi tashabbus, tavsiyalar ilgari surildi.

    Forum doirasida ishtirokchilarga 2024-yil 9-avgust kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash konsepsiyasi loyihasi taqdim etildi.

    Bundan tashqari, nufuzli mehmonlar uchun Markaziy Osiyo xalqaro institutining “Mintaqaviy jipslik – Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining asosiy omili” mavzusidagi ekspert-tahliliy hisoboti taqdimot qilindi.

    Uchrashuv yakunida muhokama qilingan ustuvor sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Markaziy Osiyo davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblari ikkinchi yigʻilishi Bayonnomasi qabul qilindi.