Samarqandda MDHga aʼzo davlatlar qurolli kuchlari shtab boshliqlarining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi

    Harbiy 31 Oktabr 2020 3112

    Kecha Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlar qurolli kuchlar Shtab boshliqlari qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

    O‘zbekiston Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Shtab boshliqlari qo‘mitasi ishida Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston qurolli kuchlari Bosh shtablari boshliqlari, shuningdek MDH Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

    Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, armiya generali Valeriy Gerasimov yig‘ilishni ochar ekan, joriy yilda xalqaro hamkorlikka oid ko‘plab tadbirlar videokonferens aloqa tarzida o‘tkazilayotgan bir paytda Shtab boshliqlarining bugungi yuzma-yuz tashkil etilgan uchrashuvi o‘zaro munosabatlarning, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikning yuqori darajada ekanining tasdig‘i, deb taʼkidladi.

    O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Pavel Ergashev esa o‘z kirish so‘zida Hamdo‘stlik hududidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, MDH mamlakatlari mudofaa vazirliklarining terrorizmga qarshi birgalikda harakat qilishi ekanligini qayd etdi.

    Yig‘ilishda kun tartibiga muvofiq MDHga aʼzo davlatlar harbiy idoralarining mudofaa va xavfsizlik sohasidagi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. MDHga aʼzo davlatlarning qurolli kuchlar Shtab boshliqlari mamlakatlarning harbiy xavfsizligi borasidagi zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarni muhokama qilib, Hamdo‘stlik davlatlari chegaralari bo‘ylab siyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdi. Shuningdek, muhokamada MDHning ayrim mintaqalaridagi og‘ir vaziyatlar ham qayd etib o‘tildi.

    Yig‘ilish ishtirokchilari qo‘shinlar jangovar tayyorgarligining amaliy ahamiyatiga asoslanib, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishning muhim jihatlari, havo hujumidan mudofaani tashkil etish, moddiy-texnik taʼminotni tizimli yo‘lga qo‘yish, shuningdek, to‘plangan tajribani qo‘shinlarni tayyorlash amaliyotida qo‘llash kabi jangovar operatsiyalar tajribalari bilan tanishdilar.

    Yig‘ilish kun tartibida harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shma tizimlarni yana-da rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shtab boshliqlari qo‘mitasi tomonidan harbiy xizmatchilarning harbiy-kasbiy mahoratini oshirishga oid bir qator masalalar ko‘rib chiqildi, shuningdek yig‘ilish mobaynida minalardan tozalash sohasi mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti umumlashtirilib, MDHga aʼzo davlatlar qurolli kuchlariga qarashli aviatsiya parvozlari xavfsizligining o‘tgan davr mobaynidagi holati tahlil qilindi.

    Hamdo‘stlik davlatlarining harbiy sohadagi o‘zaro hamkorligini yana-da izchil rivojlantirish maqsadida delegatsiyalar rahbarlari MDHga aʼzo davlatlar Qurolli Kuchlarining 2021 yilga mo‘ljallangan umumiy tadbirlar rejasini maʼqulladi.

    MDH davlatlari Qurolli Kuchlari Bosh shtablari boshliqlari 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davrida olib borilgan harbiy hamkorlik yakunlari bilan tanishib, hamkorlikdagi harbiy-tarixiy ishlarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalarni belgilab oldi.

    Belarus Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimiz vakillariga Ikkinchi jahon urushida o‘zbek jangchilari ko‘rsatgan jasorat, ular bilan bog‘liq hujjatlardan iborat qimmatli eksponatlarni Toshkent shahrida tashkil etilgan G‘alaba bog‘idagi “Shon-sharaf” muzeyi uchun topshirdi.

    Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlar qurolli kuchlari Shtab boshliqlari qo‘mitasining yig‘ilishi amaliy va ishchanlik ruhida o‘tdi.

    Tadbir doirasida delegatsiyalar Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan yaqindan tanishdi hamda delegatsiyalar rahbarlari tomonidan Samarqand shahridagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yildi.