Samarqandda “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi doirasida koʻrgazma tashkil etildi

    13-dekabr kuni Samarqand viloyatidagi “Xalqlar doʻstligi va diniy bagʻrikenglik” muzeyi binosida “Milliy merosga mening hissam” aksiyasi doirasida xarid qilingan ashyolar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

    Koʻrgazma Madaniy meros agentligi, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tomonidan tashkil etildi.

    Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-mayda qabul qilgan “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida eʼlon qilingan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlarini xarid qilish, madaniy boyliklarni aniqlash va har yili davlat muzeylarida aholidan xarid qilib olingan madaniy boyliklar koʻrgazmasini tashkil etish yuzasidan berilgan topshiriq ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻtkazildi.

    Koʻrgazmada, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi xodimlari viloyat va respublika boʻylab ilmiy ekspeditsiyalari davomida topilgan hamda aholidan xarid qilib olingan bir qator noyob ashyolar namoyish etildi.

    Xususan eksponatlar orasidan,

    - Payariqdan topilgan saklarning ikki ming yillik bronza qozoni,

    - miloddan avvalgi II asr va milodiy XIV asrlarga oid bronza koʻzgular,

    - Qoraxoniylar davriga oid 180 ta kumush tangalar kolleksiyasi,

    - Chigʻatoy xonlarining 236 ta dinor va dirhamlari,

    - ipak gilamlar, antiqa zargarlik buyumlari, tarixiy liboslar va rasmlar oʻrin olgan.

    Ushbu ashyolar kelgusida muzey-qoʻriqxona tasarrufida tashkil etilishi rejalashtirilgan muzeylar ekspozitsiyasini boyitishga xizmat qiladi.

    Eslatib oʻtamiz koʻrgazma 13-dekabrdan oʻz ishini boshladi.