Samarqandda oʻquvchi qizni zoʻrlashda 9 kishi gumonlanmoqda

    Dastlabki tergov davomida Qoʻshrabot tuman prokuraturasi ish yurituvchisining ishga aloqadorligi aniqlanganini tasdiqladi

    Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida 8-sinf oʻquvchisini oʻgʻirlash va zoʻrlash jinoyati boʻyicha 9 nafar gumonlanuvchi aniqlangan, ularning 8 nafari ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.

    Shu yilning 13-noyabr kuni zoʻravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi ushbu dahshatli voqea haqida xabar bergandi. Xabarda aytilishicha, qiz 23-oktyabr kuni oʻgʻirlab ketilgan. Qarindoshlarining soʻzlariga koʻra, oradan maʼlum vaqt oʻtgach, ular qizlari yoʻqolgani haqida huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilgan. Badanida zoʻravonlik izlari boʻlgan qiz 6-oktyabr kuni topiladi. Qizning soʻzlariga koʻra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburla, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zoʻrlashgan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borishdi.

    Xabar eʼlon qilingan paytda jinoyatning barcha gumonlanuvchi ishtirokchilari, shu jumladan, prokuraturaning bir xodimi ham erkinlikda yurgan, deb xabar berdi Nemolchi.uz. Loyihaning taʼkidlashicha, qizni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish majburiyatiga ega boʻlgan barcha idoralar oʻz vazifalariga noprofessional yondashgan va koʻplab qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan.

    Hayot Shamsutdinov 6-noyabr kuni ariza olingandan soʻng boshlangan dastlabki tergov davomida Qoʻshrabot tuman prokuraturasi ish yurituvchisining ishga aloqadorligi aniqlanganini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur xodim 30-oktyabr kuni viloyat prokurorining buyrugʻi bilan prokuratura organlaridan boʻshatilgan.

    Dastlabki tergov, sud-tibbiy va biologik ekspertiza natijalariga koʻra, 31-oktyabr kuni Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi (Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shundan soʻng ish ichki ishlar organlariga yuborilgan.

    Tergov va tezkor qidiruv harakatlari davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, ular tergovga jalb etilgan. Sakkiz nafar shaxs, shu jumladan, sobiq prokuratura xodimi qonuniy tartibda ushlangan. Yana bir shaxsni qoʻlga olish choralari koʻrilmoqda.

    Jinoyat ishi boʻyicha tergov ustidan Bosh prokuratura nazorat oʻrnatgan.