Joriy yilning 5-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanidagi 1-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida maktab oʻquvchilari va ularning ota-onalariga qoʻpol ravishda maktab darsliklari va mashq daftarlari tarqatilganligi aks etgan video lavhalar tarqaldi.
Nurobod tumani hokimligi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, holatni Nurobod tumani xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan tuzilgan ishchi guruh oʻrgandi.
Oʻrganishlar davomida tumandagi 1-son umumiy oʻrta taʼlim maktabining 4 sinf oʻquvchilariga sinf rahbari Gʻofforova Shohida sinf oʻquvchilariga maktab darsliklari va mashq daftarlarini qoʻpol tarzda, oʻqituvchi etikasi va odob-axloq qoidalariga zid ravishda, sinfdan tashqari holatda tarqatganligi maʼlum boʻldi.
Oʻqituvchiga xos boʻlmagan xislatda xatti-harakat qilganligi sababli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 4-“d” sinf rahbari Sh.Gʻofforova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Maktab darsliklari va mashq daftarlarini tarqatilish jarayonini nazoratga olmagani va masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyganligi sababli maktab direktori E.Hamrayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.