Viloyat hokimligi holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Unga koʻra, holat joriy yilning 3-sentyabr kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Nazarobod qishlogʻida sodir boʻlgan. Dastlabki maʼlumotlarga asosan, Nurobod tumani “Saxoba” mahallasidan Ziyovuddin shaharchasiga qatnovchi xususiy avtobus egasi maktabga ketayotgan oʻquvchilarni avtobusga mindirmagan.
Ushbu holat Samarqand viloyati hokimligi tomonidan nazoratga olindi. Mazkur mahalladan 19 nafar oʻquvchi Paxtachi tumanidagi 28-umumtaʼlim maktabiga, 3 nafar oʻquvchi esa tumandagi 34-umumtaʼlim maktabiga qatnaydi.
Oʻquvchilarni mindirmagan “Oqtosh-Shaxzod trans” MCHJga qarashli Saxoba-Oqtosh yoʻnalishida harakatlanuvchi avtobus haydovchisi Musurmon Bobojonov jamiyatning 2025-yil 4-sentyabrdagi buyrugʻiga asosan lavozimidan ozod etilgan.
Oqtosh-Shaxzod trans MCHJ va Paxtachi tumani hokimligi oʻrtasida maktab oʻquvchilarini maktabga tashish xizmatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha shartnoma imzolandi. Kunning ikkinchi yarmidan boshlab oʻquvchilar uchun bepul avtobus harakati yoʻlga qoʻyilgan.
Viloyat rahbari ushbu muammoli holatni yoritgan va uning yechimiga hissa qoʻshgan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorlik bildirdi.









