Samarqandda oʻrmon xoʻjaligining 10 gektardan ortiq hududida yongʻin sodir boʻlgani aniqlandi

    Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasiga Kattaqoʻrgʻon Davlat oʻrmon xoʻjaligi oʻrmon fondi hududining maʼlum qismi yoqib yuborilganligi haqida murojaat kelib tushdi.

    Qayd etilishicha, holat viloyat ekologiya boshqarmasi, tuman hokimligi, prokuratura va masʼullar ishtirokida joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Natijada oʻrmon xoʻjaligi hududining 10,5 gektar maydonida yongʻin boʻlganligi hamda 7,4 gektar yer maydoni yongʻindan zararlangani maʼlum boʻldi.

    Ushbu qonunbuzarlik natijasida Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 20-21-moddalari, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasi hamda “Oʻrmon togʻrisida”gi Qonunning 57-moddasi talablari buzilgan.

    Oʻrganish davomida yongʻin sodir boʻlgan 10,5 gektar yer maydonidagi manzarali daraxtlar xatlovdan oʻtkazildi. Natijada 7,4 gektar yer maydonidagi 116 tup jiyda, 5 tup tol hamda 49 580 tup yulgʻun butalari shikastlanganligi aniqlandi. Tabiatga jami 1 milliard 884 million 675 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.