Forumni oʻtkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan edi.
«BMT-ayollar» tuzilmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan Forumda ellikka yaqin xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilyapti.
Ishtirokchi davlatlar parlamentlarining faol ayollari, hukumat aʼzolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy faollar, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli soha vakillari 10 ta parallel sessiya doirasida muhim mavzular yuzasidan fikr almashadilar.
Xususan, xotin-qizlarning fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambagʻallikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalari muhokama etiladi.
Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi koʻrib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini ragʻbatlantirishda parlamentlarning oʻrni, genderga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
«Yashil» iqtisodiyotni targʻib etish, iqlim oʻzgarishining mintaqadagi gender muammolarga taʼsiri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilgʻor tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham koʻrib chiqiladi.
Forum yakuni boʻyicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.