Samarqandda ovqati talab darajasida boʻlmagan bogʻchaning oshpazi va muassasa rahbari ishdan olindi

    Ta'lim 2 Iyun 2023 1467

    Joriy yilning 1-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bogʻchalarning birida bolalarga berilayotgan ovqat talab darajasida emasligi bilan bogʻliq tasvirlar tarqadi.

    Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi izoh berdi.

    Taʼkidlanishicha, voqea 2023-yil 30-may kuni tushlik paytida sodir boʻlgan. Oʻrganish jarayonida haqiqatdan ham tushlik uchun ajratilgan taomnomada koʻrsatilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan toʻliq foydalanilmagani aniqlangan.

    Ishchi guruh aʼzolari holatni tanqid qilib, jarayonni tasvirga olayotganida bogʻcha oshpazi tarbiyalanuvchining onasiga nisbatan qoʻpol xatti-harakatlar qilgan. Shundan soʻng, oshpazning harakatlari nooʻrin deb topilib, qonunchilikda belgilangan tartibda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

    Hozirda tashkilot direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ham bekor qilish yuzasidan hujjatlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, tashkilotning tegishli masʼullariga intizomiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha hujjatlar huquqiy markazga xulosa olish uchun taqdim etildi.