Forum “Zamonaviy bosqichda Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda oliy taʼlim va fanni rivojlantirish xususiyatlari” mavzusida tashkil etildi. Unda Qirgʻiziston Respublikasi taʼlim va fan vaziri Dogdurkul Kendirbayeva boshchiligida tashrif buyurgan 30 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi rektorlaridan iborat delegatsiya va Oʻzbekiston tomonidan 30 dan ortiq oliygoh rahbarlari, vazirlik va idoralar masʼullari qatnashdilar.
Anjumanda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchi va talabalar almashinuvi, oʻzaro oʻquv jarayonlarini tashkil etish, taʼlim sifatini oshirish, stajirovka oʻtash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turizm, geologiya, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama etildi.
Forum yakunlari boʻyicha ikki davlat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi 30 ga yaqin anglashuv memorandumi, bitim va yoʻl xaritalari imzolandi.
Shuningdek, anjuman doirasida mehmonlar Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti faoliyati va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.