Samarqandda Oʻzbekiston va Qozogʻiston tadbirkorlari uchrashdi

    Biznes 22 Oktabr 2024 466

    Joriy yil 22-oktyabrda Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston-Qozogʻiston hududlararo forumi doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston tadbirkorlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Delegatsiyalar tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qozogʻiston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliyev, vazirliklar, idoralar, viloyatlar hokimliklari hamda ikki davlatning 200 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Laziz Kudratov oʻz qutlov nutqida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi anʼanaviy yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hamjihatlik va strategik sheriklik munosabatlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini alohida taʼkidladi.

    Soʻnggi yetti yil ichida tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan 2023-yilda 4,4 milliard dollarga oʻsdi. Joriy yilning 9 oyida bu koʻrsatkich 3 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari qayta ishlash va ishlab chiqarish va boshqa sohalarda 1100 ga yaqin korxona faoliyat yuritib kelyapti.

    Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni hududlararo darajada rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Qishloq xoʻjaligi va agrosanoat tarmogʻi, toʻqimachilik mahsulotlari va xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish, tajriba va texnologiyalar almashinuvi istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilandi. Sirdaryo viloyatida “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani munosabati bilan tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar ochilyapti.

    Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

    Oʻz navbatida Qozogʻiston Respublikasi Savdo va integratsiya vaziri Arman Shaqqaliyev hududlararo hamkorlikning oʻzaro rivojlanishini, xususan, Forum arafasida tadbirkorlarning ikki mamlakat hamkor hududlariga oʻzaro tashriflari natijalarini yuqori baholadi va tadbirkorlarni faol hamkorlikka chaqirdi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yaxshilash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro tayyor mahsulot yetkazib berish hajmini oshirishga qaratilgan 33 ta bitim imzolash marosimi hamda B2B muzokaralari boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.