Samarqandda oʻzganing nomiga kredit rasmiylashtirgan firibgar ushlandi

    Firibgar jabrlanuvchilarga soxta SMS xabarlar yuborib, ularning bank kartasiga ulanib olgan va fuqarolar nomiga kredit mablagʻlarini rasmiylashtirgan.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand viloyatida yashovchi N.S. sodir etganligi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi N.S. jabrlanuvchi Т.K. va R.Z.ga "SMS" xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritib, ularning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va ularning nomidan 13.500.000 soʻm va 12.300.000 soʻm onlayn kredit rasmiylashtirib, oʻsha vaqtning oʻzida mazkur pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan va oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborganligi maʼlum boʻldi.

    Hozirda holat yuzasidan N.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan, — deyiladi xabarda.