Samarqandda SSSRni tiklash tarafdori boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosining ozodligi cheklandi

    Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahri sudi Oʻzbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblangan fuqaroga nisbatan hukm chiqardi.

    Ish materiallariga koʻra, fuqaro E.Xasanov 1979-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlab, Samarqand shahridagi 11-sonli kechki maktabda ikki yil matematika fanidan dars bergan, soʻngra “Vatanparvar” tashkilotida ishlab, 2011-yili nafaqaga chiqqan.

    Sud qarorida keltirilishicha, u 2021-yilda rossiyalik Oleg Turishkinning maʼruzalarini tinglashni boshlagan. Rossiya fuqarosi undan SSSR fuqaroligidan chiqish boʻyicha ariza bilan murojaat qilganmisiz, deya soʻragan. Yoʻq, degan javobni berganidan soʻng uni “Gos.reyestr SSSR” nomli guruhga qoʻshib qoʻygan. Oradan vaqt oʻtib Oleg Turishkin fuqaroga “SSSR fuqarosi” haqidagi guvohnomani pochta orqali joʻnatgan.

    E.X. YouTubeʼda Aleksey Ivanovich ismli odam bilan koʻrishgan, soʻngra 2023-yil 3-yanvarda Moskvaga borib, u yerda Sovet Ittifoqini tiklash uchun tarafdorlarni toʻplayotgan odamlar bilan uchrashgan. Ular ushbu davlat hali qonunan tarqalmaganini, Iosif Stalin davridagi Konstitutsiya va qonunlarga qaytishini, 15 davlatni qonuniy yoʻllar orqali tez yillarda birlashtirishlarini aytgan.

    Sudlanuvchi oʻtgan yilning mart oyida “Uzbekskaya SSR/SSSR” Telegram-guruhiga qoʻshilgan. U yerda “Oʻzbekiston mustaqilligi yuzaki ekanligi, hozirgi kunga qadar rasman sobiq Sovet Ittifoqi tarqalmaganligi, uning tarkibiga kirgan 15 ta respublika AQSH yordamida oʻzboshimchalik bilan mustaqilligini eʼlon qilganligi va tez orada sobiq ittifoq davlatlari qaytib SSSRga qoʻshilishlari” haqidagi materiallarni joylashtirgan.

    Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga koʻra, uning materiallarida Oʻzbekistonning amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirish, buzishga ochiqdan ochiq daʼvat qiluvchi gʻoyalar mavjud.

    Shuningdek, u Telegramʼdagi guruhga Samarqand viloyati boʻyicha “VKPb” sekretari hisoboti sifatida “V vsesoyuznaya Kommunisticheskaya partiya Bolshevikov goroda Samarqanda” nomli maqola joylashtirgan.

    Ayblanuvchi sudda oʻz aybini tan olmagan, biroq suddan jazoni yengillashtirishni soʻragan.

    Sud E.X.ni Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi (Oʻzbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq daʼvat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

    Bundan tashqari, unga soat 22:00 dan 6:00 gacha xonadondan chiqishi, nazorat organining ruxsatisiz yashash joyini oʻzgartirishi, Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqishi, internet tarmogʻidan foydalanishi taqiqlandi.