Samarqandda tabiatga 137 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazildi

    Ekologiya vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Samarqand viloyati Jomboy tumani hududidan oqib oʻtuvchi “Oqdaryo“ daryosining muhofaza etiladigan hududida navbatdagi reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan reydlarda daryo hududida “M.T.“ fermer xoʻjaligi vakillari tomonidan ekskavator va yuk mashinalari vositasida hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda qum-shagʻal aralashmasi qazib olingani aniqlandi.

    Natijada “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida“gi qonunning 18-moddasi hamda “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida“gi qonunning 35-moddasi talablari buzilgan. Tabiatga 137 milliard 472 million 370 ming 649 soʻm zarar yetkazilgan.

    Holat yuzasidan ekskavator va ikkita yuk tashuvchi transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi. Shuningdek, toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va chora koʻrish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi.