Samarqandda tadbirkor 40 nafar yetim bolaga bepul taʼlim-tarbiya bermoqda

    Kelgusida esa sharoiti ogʻir bolalar uchun xususiy maktabda ham taʼlim-tarbiya jarayonini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganman. Yagona orzuim, dunyoda yetim bolalar boʻlmasin.

    2019-yilda Samarqand viloyatida quvvati 250 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat boshladi. Bugungi kunda bogʻchaga 200 nafardan ortiq bola qamrab olingan boʻlib, ulardan 40 nafari yetim bolalar bepul taʼlim-tarbiya olmoqda. 32 nafar yordamga muhtoj oilalarning farzandlari imtiyozli 150 ming soʻmlik toʻlov va qolgan tarbiyalanuvchilar esa ota-onalar badali orqali taʼlim-tarbiya olmoqda.

    Davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat olib borayotgan bogʻcha loyihasi 11 milliard soʻm boʻlib, 3 milliard soʻmi davlat tomonidan kredit, qolgan 8 milliard soʻmi tadbirkor mablagʻi evaziga ish boshlagan.

    “Millat xazinasi” xususiy bogʻcha mudirasi Dilfuza Maʼrufova bogʻcha qurilib, ishga tushishidan oldin yetim bolalarni bepul tarbiya qilishni maqsad qilgan.

    — Turmush oʻrtogʻim masjid qurishni maqsad qilgan paytlarida yon-atrofimizdagilar “Bogʻcha ham masjiddek joy, shuning uchun bolalar bogʻchasi quringlar”, deya maslahat bergan. Maslahatlardan kuch olib, ushbu bogʻcha faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz. Har bir bolani oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanishgan holda bogʻchaga qabul qilaman. Bugungi kunda muassasasada ingliz tili, shaxmat-shashka, karate, gimnastika, mental arifmetika, xoreografiya toʻgaraklari ish olib bormoqda, — deydi Dilfuza Maʼrufova.

    Dilfuza Maʼrufova 20-yil davomida Samarqanddagi maktablardan birida oliy toifali pedagog sifatida faoliyat yuritgan.

    «Bugun masjid oʻrniga bolajonlarni oʻz bagʻriga olgan bogʻcha qurganimizdan juda ham xursandman. Bolajonlarning maktabgacha taʼlimda olayotgan bilimi kelajak hayotida, albatta, asqotishiga shubham yoʻq. Kelgusida esa sharoiti ogʻir bolalar uchun xususiy maktabda ham taʼlim-tarbiya jarayonini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganman. Yagona orzuim, dunyoda yetim bolalar boʻlmasin».